«Brbalo» nomli musiqiy guruh a’zolari suratga olingan videoklip uchun hibsga olindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yunusobod tumani sudi blogerlar hamda «Brbalo» musiqiy guruhi a’zolari Kamol Yusupov va Abror G‘ulomovga o‘zlari suratga olgan nojo‘ya videoklip uchun hukm chiqardi.
Unga ko‘ra, avgust oyi oxirida brbalo metropoliten guruhi «Aboka 2» deb nomlangan yangi videoni taqdim etdi. Videoda intim xizmat, ichkilik, tamaki va boshqa yomon illatlar aks etgan kadrlar mavjud bo‘lgan. Video blogerlarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqilgan. Keyinchalik bu video YouTube’dan olib tashlandi.
Sud ikkala yigitni ham jamoat tartibini buzganlik, jumladan, xulq-atvor normalariga e’tibor bermaslik, jamiyat urf-odatlari va odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan video kontentni joylagani uchun aybdor deb topdi.
Sud jarayonida Yusupov va G‘ulomov o‘z ayblariga iqror bo‘lib, video hazil tariqasida e’lon qilingani, biroq bu fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgani aytildi. Klipda ishtirok etgan ikkala ayblanuvchi ham qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, omma oldida kechirim so‘rashgan.
Natijada ularning har biriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madaniy meros agentligi taniqli rassomlarning rasmlari Olx’da sotilayotganiga izoh bergani haqida yozgan edik.