Dubay shahzodasi lochin ovi uchun Navoiyga keldi
Dubay valiahd shahzodasi, BAA mudofaa vaziri Shayx Hamdan bin Muhammad al-Maktum Navoiyga keldi. Bu haqda «Новости Ташкентского Неба» Telegram kanali xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, shahzoda boshchiligidagi BAA delegatsiyasi lochin ovida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan. Al-Maktum bu safar birinchi marta emas, u ilgari ham doroqushlarni ovlash uchun respublikaga kelgan.
Ma’lumot uchun, Hamdan bin Muhammad al-Maktum 1982-yilning 14-noyabrida tug‘ilgan. U Shayx Rashid nomidagi xususiy maktabda ta’lim olgan va nufuzli Sandxerst harbiy akademiyasini tamomlagan.
Eslatib o‘tamiz, u 2014-yilgi Butunjahon ot sporti o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shahzoda dayving, baliq ovlash, snoubording va boshqa turli sport turlariga qiziqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va BAA asosiy sohalarda hamkorlik rejasini tasdiqlashi haqida xabar bergan edi.