Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik:
Sentabr oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faolligi avgust oyiga nisbatan 4,2 foizga kamaygan va 21,2 mingta oldi-sotdi bitimi qayd etilgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) xabar berdi.
ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, yillik hisobda bitimlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga pasaygan.
Ikkilamchi bozoridagi uy-joy narxlari:
Joriy yilning sentabr oyida umumiy hisobda uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmagan. Biroq ikkilamchi uy-joy bozorida Xorazm 19,5 foiz hamda Buxoro viloyatlar 12,5 foizga narxlar sezilarli darajada oshgan.
Toshkent shahrida esa ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 1 foizga tushgan bo‘lib, eng katta pasayish Mirzo-Ulug‘bek -2,5 foiz va Yunusobod tumanlarida -2,4 foiz kuzatilgan.
Ijara narxlaridagi o‘zgarishlar:
Uy-joy ijara bozorida barqarorlik saqlanib, ijara narxlari o‘zgarmagan. Ba’zi tumanlarda, xususan, Olmazorda 14,6 foizga, Uchtepa va Bektemirda esa o‘rtacha 7,4 foizga ijara narxlari tushgan bo‘lsa, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida o‘rtacha 7 foizga ijara narxlari oshgan.
Qayd etilishicha, bozordagi bu pasayish umumiy tendensiya sifatida qayd etilgan. Shuningdek, ijara narxlari o‘tgan yilga nisbatan 8,4%ga kamaygan.
«Shu bilan birga yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yashnabod 16,2 foiz, Olmazorda 12,2 foiz va Yakkasaroy tumanlarida 11 foizga kuzatildi», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning iyul oyida ko‘chmas mulk savdosi bo‘yicha 23 mingta bitim amalga oshirilgani haqida xabar bergan edi.