O‘zbekiston xalqaro koinot shartnomasiga qo‘shildi

eʼlon qilindi
Unga 114 davlat qo‘shilgan, O‘zbekiston 115-ishtirokchi bo‘ldi
Foto: Uzspace.uz

O‘zbekiston kosmosni, shu jumladan, oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va undan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shildi. Prezident bu boradagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, bu koinotni tadqiq qilish, shuningdek, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, resurslar va bilim almashish uchun imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

Xalqaro hujjat 1966-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan va 1967-yil 27-yanvarda London, Moskva va Vashingtonda imzolangan. Hozircha unga 114 davlat qo‘shilgan, O‘zbekiston esa 115-ishtirokchi bo‘ldi.

Qonunni muhokamasi chog‘ida «O‘zbekkosmos» agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov mazkur shartnomani ratifikatsiya qilish O‘zbekistonning xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etishi, shuningdek, resurslar va koinot sohasi bo‘yicha boshqa mamlakatlar bilan bilim almashish imkoniyatlarini ochib berishini ta’kidladi. Ratifikatsiya «O‘zbekkosmos» agentligining kosmik huquq tizimini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Xalqaro shartnomaga a’zo davlatlar tinchlik va xavfsizlikni saqlash, o‘zaro hamkorlik va anglashuvni rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlab, xalqaro huquq normalariga, shu jumladan, BMT Nizomiga muvofiq kosmosni tadqiq qilish va undan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oladilar.

Ishtirokchi davlatlar Yer orbitasiga yadro quroli yoki boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurollari boʻlgan obyektlarni joylashtirmaslik, bunday qurollarni samoviy jismlarga oʻrnatmaslik yoki boshqa yoʻllar bilan kosmik fazoga joylashtirmaslik majburiyatini oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston MDHning Kosmos bo‘yicha kengashiga rahbarlik qilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek