O‘zbekistonlik gimnastkachi umumrossiya musobaqasida g‘olib bo‘ldi
Joriy yilning oktabr oyida Yevgeniy Podgorniy sovrinlari uchun o‘tkazilgan umumrossiya sport gimnastikasi bo‘yicha musobaqada O‘zbekiston vakili Oksana Chusovitina g‘olib bo‘ldi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Chusovitina tayanchdan sakrash bo‘yicha 13,266 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar rossiyalik gimnastikachilar Margarita Ivanova va Varvara Zubovaga nasib etdi.
Musobaqalar joriy yilning 10-oktabrdan 14-oktabrgacha Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, Chusovitina sakkiz marotaba Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. U 1992 – 2008-yillarda oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, sportchi jahon chempionatlarida uch marotaba g‘olib bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshida Chusovitinaning Jahon kubogi bosqichi finalida ishtirok etgani haqida xabar bergan edi.