Telegram Qozog‘istonda rasmiy ofisini ochadi

eʼlon qilindi
Meta bilan ham hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi
Foto: Prykhodov / Depositphotos.com

Telegram messenjeri Qozog‘istonda o‘z vakolatxonasini ochadi va u yerdagi rasmiy vakilini tayinlaydi. Bu haqda Raqamli rivojlanish vazirligiga tayanib, Kursiv Kazakhstan ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, vazirlik rahbari Jaslan Madiev AQSh Savdo palatasi hamda Meta va Apple kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Ularda ma’lumotlar xavfsizligi, soxta akkauntlarga qarshi kurashish va foydalanuvchilarni himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

«Biz Telegram bilan nomaqbul kontentlarni zudlik bilan oʻchirish va buzgʻunchi kanallarni bloklash uchun hamkorlik qilmoqdamiz. Qonunchiligimizga ko‘ra, Telegram, WhatsApp va TikTok kabi internet platformalar endi Qozog‘istonda o‘z vakiliga ega bo‘lishi shart. Telegram bilan allaqachon oʻz vakilini tayinlash va ofis ochish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Bu esa kontent ustidan nazoratni kuchaytirish uchun muhim qadamdir», – dedi Jaslan Madiev.

Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi Meta bilan ham ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlarning sxemalariga qarshi kurashishga kelishib oldi.

«Meta vakillari Qozogʻiston duch kelgan internet-firibgarlik koʻplab mamlakatlar uchun umumiy muammo ekanligini taʼkidladi. So‘nggi chorakda Meta sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda dunyo bo‘ylab 1,2 mlrd soxta akkauntni blokladi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Sentabr oyida Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer tegishli organlarning asosli so‘rovlariga ko‘ra foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini oshkor etishini aytgan edi. Telegram o‘zini foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaydigan eng xavfsiz messenjerlardan biri deb atagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov Telegram’da 10 ta yangi funksiya ishga tushishini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek