O‘zbekiston TIV: Afg‘oniston Termiz savdo markazidagi konsertlarni bekor qilishni so‘ramagan
O‘zbekiston hukumatiga Tolibon tomonidan Xalqaro Termiz savdo markazidagi konsert tadbirlarini bekor qilish bo‘yicha hech qanday so‘rov kelib tushmagan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Shuningdek, vazirlik tasdiqlanmagan ma’lumotlarni internetda tarqatmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi o‘rtalarida Atlas Press nashri tahliliga ko‘ra, Tolibon O‘zbekiston hukumatidan Termiz savdo markazidagi musiqa tadbirlarini bekor qilishni talab qilgan. Agar bu talab bajarilmasa, Kobul fuqarolariga savdo markaziga tashrif buyurishni taqiqlashni rejalashtirgan edi.
Tolibon harakati hokimiyatga qaytganidan so‘ng, Afg‘onistonda musiqaning tarqalishiga qarshi kurash boshlagan edi. Ularning fikricha, musiqa axloqiy buzilishlarga olib keladi.
Ma’lumot uchun, Termiz savdo markazi joriy yil avgust oyining oxirida ochilgan. Ushbu savdo maydonida Afg‘oniston fuqarolari savdo va ishlab chiqarish nuqtalarini ijaraga olishlari mumkin. Shu kabi imkoniyatlar Pokiston fuqarolariga ham taalluqli hisoblanadi.
Bundan tashqari, savdo markazida AQSh dollari, Xitoy yuani va boshqa xorijiy valyutalarni qabul qilishga ruxsat berilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Afg‘onistonda gaz qazib olishini hamda issiqlik elektr stansiyalarini qurishi haqida xabar bergan edi.