«Semurg insurance» AJ faoliyatida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, kompaniyaga nisbatan 31,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati xabar berdi.
Amaldagi qonunchilikka binoan «Semurg insurance» AJga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 135840-sonli litsenziya joriy yilning 15-oktabridan boshlab o‘n kunlik muddatga to‘xtatildi. Unga ko‘ra, belgilangan o‘n kunlik muddatda aksiyadorlik jamiyati tomonidan sug‘urtalar bo‘yicha shartnoma tuzish hamda uzaytirish taqiqlanadi.
Shuningdek, aksiyadorlik jamiyati ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Upay va Humans Pay tovar belgilariga ega bo‘lgan AJning faoliyati qimor o‘yinlari tufayli cheklangani haqida xabar bergan edi.