Yangiliklar

SSV intellektual mulk huquqlarini buzish holatlari yuzasidan ogohlantirildi

Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi
Foto: MattLphotography / depositphotos

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy vositalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida intellektual mulk huquqlariga qat’iy rioya etilishi yuzasidan ogohlantirildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023-yilda 21 ta va 2024-yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmasdan ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi.

Jumladan, «Magne B6», «Imudon», «Smekta», «Duspatalin», «Elevit» kabi dori vositalarining kontrafakt nusxalari turli farmasevtika korxonalari nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohlantirish xati kiritilib, kelgusida takroriy holatlar yuzaga kelsa, qonunchilikda belgilangan jazolarni qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SSV tomonidan organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalashi haqida ma’lumot berilgani haqida xabar bergan edi.