Usmonov xoldingi Moskva shahridagi loyihalarni sotishga rozi bo‘ldi – «Vedomosti»
Sezar Group kompaniyasi Alisher Usmonov va Oleg Malisga tegishli kompaniyalardan Moskva City biznes kvartalidagi bir nechta loyihalarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda «Vedomosti» nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kelishuv allaqachon imzolangan. Loyihalar Oleg Malisning Solvers Estate investitsion konsalting kompaniyasi hamda kelib chiqishi o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonovga tegishli USM xoldingining tuzilmasidan sotib olinmoqda.
Manbalarda ta’kidlanishicha, kelishuv doirasida Sezar Group «Imperiya II» binosini sotib olish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega bo‘ldi. Ushbu bino 116 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, rejaga ko‘ra bu binoda turarjoylar, mehmonxona va ofislar joylashtiriladi.
Avvalroq ushbu binoni sotib olishga Renaissance Development va Wildberries kompaniyalari da’vogarlik qilgan edi.
Moskva City xalqaro biznes markazi, bu – Moskvadagi Presnenskaya daryosi bo‘yida qurilayotgan kvartal bo‘lib, u ofislar, turarjoylar va kompaniya xodimlari hamda tadbirkorlar uchun dam olish markazlarini birlashtirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Alisher Usmonovga tegishli kompaniya Ukraina hukumatiga sud bilan tahdid qilgani haqida xabar bergan edi.