Freedom Tojikiston bozoriga kirdi. Bank mahalliy regulyatordan litsenziya oldi
2024-yil 15-oktabr, seshanba kuni «Freedom Bank Qozog‘iston» AJ Tojikistonda bank faoliyatini yuritish uchun litsenziya oldi. Bu haqda CEO Freedom Holding Corp. bosh direktori Timur Turlov ma’lum qildi.
«Bugun Freedom Qozog‘istonning sho‘ba banki Tojikistonda bank faoliyatini yuritish uchun litsenziya oldi! @aidos_zhumagulov_b (Aydos Jumagulov, Freedom bank kuzatuv kengashi a’zosi) va uning butun jamoasini tabriklayman!», – dedi Timur Turlov o‘zining Instagram sahifasida.
Freedom Bankning Tojikistonda sho‘ba tashkilotini ochish haqidagi rejalari 2024-yil yanvar oyida ma’lum bo‘lgan edi. 12-aprel kuni Moliyaviy bozorni tartibga solish va rivojlantirish agentligi (ARRFR) Tojikistonda yopiq aksiyadorlik jamiyati ko‘rinishida sho‘ba tashkilotini ochishga ruxsat berdi.
Freedom bank kuzatuv kengashi a’zosi Aydos Jumagulov avgust oyida sho‘ba tashkilotining ochilishi, tajribani kengaytirish va raqamli moliyaviy mahsulotlarni joriy etishga imkon berishini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, katta ish amalga oshirilib, jamoa shakllantirilgan. O‘sha paytda Freedom Bank Tojikistonda IT-park ochilishini qo‘llab-quvvatlashi ham e’lon qilingan edi.
Aydos Jumagulov bankni ochishga turtki bo‘lgan omillardan biri mahalliy regulyatorning samarali ishlashi ekanini ta’kidladi.
«Biz tushundikki, litsenziya olish uchun ariza berganimizdan keyin olti-sakkiz oy ichida uni olishimiz mumkin», – dedi Jumagulov.
Uning so‘zlari Tojikistonning Vecherka nashrida e’lon qilindi. Shuningdek, kuzatuv kengashi a’zosi bank tomonidan depozitlar, keshbekli kartalar, investitsion kartalar kabi o‘z mahsulotlar qatorini taklif qilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, yuridik shaxslar uchun ham xizmatlar tashkil etiladi.
Qozog‘iston Milliy bankining 2024-yil 1-sentabr ma’lumotlariga ko‘ra, Freedom bank respublikaning bank bozorida 21 ta o‘yinchi orasida sakkizinchi o‘rinni egallaydi. Moliyaviy institut 2,3 trillion tengelik aktivlarga, 156,2 milliard tengelik kapitalga va 22,4 milliard tengelik sof foydaga ega.
Ma’lumot uchun, bankning yagona aksiyadori Freedom Holding Corp. tarkibiga kiruvchi qozog‘istonlik broker «Freedom Finans» AJ hisoblanadi. Xolding tarkibiga Freedom Insurance, Freedom Life, Arbuz.kz onlayn-supermarketi, Aviata.kz agregatori kiradi. Freedom Drive, Freedom Mobile, Freedom Ticketon, Freedom Telecom, Aviata, Chocotravel brendlari ostida rivojlanmoqda.
Qayd etish kerakki, 2024-yil 15-oktabr kuni Freedom Holding Corp. aksiyalarining Amerika birjasi Nasdaq’da ro‘yxatga olinganiga 5 yil to‘ldi. Bu vaqt davomida xolding aksiyalari deyarli yetti baravar oshdi – $14,42 dan $97 gacha, kapitalizatsiya esa $6 milliardga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Bank Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Dushanbeda IT Hub ochishi haqida xabar bergan edi.