Janubiy Koreya Jizzax viloyatida chiqindini qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirmoqda
Koreya ekologik korporatsiyasi K-eco O‘zbekistonning Jizzax viloyatida chiqindini qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 7 – 11-oktabr kunlari Ekologiya vaziri oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Seul shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasida vazirlik K-eco bilan umumiy qiymati $6,2 millionga teng grant shartnomasini imzoladi. Loyihani amalga oshirish muddati to‘rt yilni tashkil qiladi.
Loyiha doirasida poligonni rekultivatsiya qilish, 300 ming metr kub chiqindini bir joyga toʻplash, tuproq bilan qoplash hamda chiqindixona gazini yigʻish va piroliz usuli orqali yoqish, elektr energiya ishlab chiqarish uskunalarini (elektrogenerator) oʻrnatish belgilangan.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Koreya Eksport-import banki va qayta ishlash kompaniyalari xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.