$5,3 milliardlik loyiha: Olmaliqda 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi

eʼlon qilindi
Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishilar ishlaydi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Olmaliqda $5,3 milliardlik loyiha asosida yangi zavod qurilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati va yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi olti yilda Olmaliq kombinatida sanoat mahsuloti 1,8 baravar, mahalliylashtirish 7,7 baravar, investitsiya 13 baravar oshgan. «Raqamli OKMK – 2030» strategiyasi doirasida 70 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilda «Yoshlik-1» koni negizida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlangan edi. Endi bu loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi barpo etiladi.

Qiymati 5,3 milliard dollarlik ushbu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush olish quvvatlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi $1,9 milliardga yetadi. Fabrika va uning infratuzilmalarida uch mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Ma’lumot uchun, loyihaga Italiyaning «Wood» va Buyuk Britaniyaning «Worley Parsons» kompaniyalari jalb qilingan.

Hozirgi vaqtda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 5-mis boyitish fabrikasi ham loyihalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan OKMK mahsulot eksportini 5,4 foizga qisqartirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek