Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi sentabrda 10,8 foizga o‘sdi. Ikkilamchi bozorda esa pasayish kuzatildi
Joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonda avtotransport vositalarining umumiy savdosi 110,1 ming donani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foizga kam. Faollikning sezilarli pasayishi yillik hisobda 25,5 foizni tashkil qilmoqda. Ushbu holat ikkilamchi bozor savdosi ta’sirida yuzaga keldi, birlamchi bozor savdosida esa o‘sish kuzatilmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) xabar berdi.
Sentabr oyi yakuniy natijalariga ko‘ra, yengil avtomobillar savdosi 0,3 foizga pasayib 106,1 ming donani tashkil qilgan. Yengil elektromobillar savdosi esa, 2,4 barobarga ortdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi
Qayd etilishicha, mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi o‘sishda davom etmoqda. Sentyabr oyida sotuvlar 10,8 foizga o‘sib, 37,6 mingta avtomobilni tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich yillik hisobda o‘sish 12 foizga yetgan.
Yengil avtomobillarning birlamchi bozordagi holati
Yengil avtomobillar birlamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 10,3 foizga oshdi, bu avvalgi oyga nisbatan qariyb 3,8 mingta avtomobilni tashkil etadi. Yillik ko‘rsatkichlarda faollik barqarorlashmoqda, avgust oyida savdoning pasayishi bir foiz darajasida bo‘lsa, sentyabr oyida 7,7 foizga o‘sish kuzatildi.
Ikkilamchi bozordagi savdosi
ILMA taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yengil avtomobillarning ikkilamchi bozordagi savdosining o‘sishi sekinlashganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, sentyabr oyida avtomobillar ikkilamchi bozoridagi faollik o‘tgan oyga nisbatan 6,3 foizga kamaydi. Hisobot davrida ushbu segmentda 60,5 mingta avtomobil sotilgan. Umuman olganda, yil davomida sotuvlar 38,4 foizga kamaydi.
Yengil elektromobillar savdosi
Bundan tashqari, yengil elektromobillar savdosida o‘sish kuzatilgan, ya’ni avgust oyida 1,7 ming dona elektromobillar sotilgan bo‘lsa, sentabr oyiga kelib yengil elektromobillar savdosi 4,24 ming donaga yetgan.
Yengil elektromobillar savdosi hududlar kesimida eng katta o‘sishi Toshkent shahrida – deyarli 3,2 ming dona, Andijon viloyatida – 119 dona qayd etildi.
Umumiy hisobda elektr transport vositalarining savdosi yillik o‘lchovda deyarli 17 foizga oshgan. Shuningdek, joriy yilning III choragida yengil elektr transport vositalarini sotish 9,3 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6 foizga kamaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Chevrolet Cobalt’ning yangilangan ko‘rinishini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.