Mikroqarzlar ulushining tez sur’atlarda o‘sishi xavotirli tendensiya sifatida qayd etildi
O‘zbekiston Markaziy bankining 2024-yil I yarim yilligiga doir moliyaviy barqarorlik sharhida mamlakat va global iqtisodiyotdagi moliyaviy vaziyat, bank tizimining holati va moliyaviy barqarorlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xatarlar atroflicha tahlil qilingan. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank tizimi barqarorligi
2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlik saqlanib qoldi. Jami va I darajali kapitalning monandlik koeffitsiyentlari o‘rnatilgan minimal talablaridan yuqori bo‘ldi (mos ravishda 17,3 va 14,2%). Banklar aktivlarida yuqori likvidlilikka ega aktivlar ulushi oshdi, barqaror bo‘lmagan moliyalashtirish darajasi esa pasaydi.
Qarz va kreditlar
Aholining qarz majburiyatlarini bajarishi boʻyicha xavotirlar saqlanib qolmoqda. Masalan, ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki darajasi deyarli o‘zgarmadi. Ammo mikroqarzlar ulushining tez sur’atlarda o‘sishi xavotirli tendensiya sifatida qayd etildi, 2024-yil 1-iyul holatiga mikroqarzlar 77 foizga ko‘paydi (bir yil ichida).
Stress-test natijalari
Bank tizimining to‘lov qobiliyati bo‘yicha makro stress-testning asosiy ssenariysida jiddiy xavotirlar aniqlanmadi. Lekin xatarli ssenariyda ayrim banklarda minimal normativ talablar buzilishi mumkin. Likvidlilik bo‘yicha asosiy ssenariyda ham qisqa muddatli muammolar kutilmayapti.
Iqtisodiy va ekologik xatarlar
Markaziy bank iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni ham hisobga olgan, tashqi xatarlar orasida O‘zbekistonning moliyaviy sektoriga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar xavfi va tashqi moliyalashtirish xarajatlarining yuqori darajada saqlanishi qayd etilgan. Ichki xatarlar orasida esa uy-joy narxlarining ortiqcha baholanishi, mikroqarzlar sur’atining oshib borishi va kiber xatarlar sanab o‘tilgan.
«Oʻz navbatida, uy-joylar narxlarining ortiqcha baholanishi davom etishi, mikroqarzlarning yuqori surʼatlarda oʻsishi hamda kiber xatarlarning ortib borishi ichki xatarlar deya qaralmoqda», – deyiladi MB xabarida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida O‘zbekiston Markaziy banki onlayn kreditlar berish bo‘yicha yangi vaqtinchalik talablarni joriy qilgani haqida yozgan edi.