Turkiy davlatlarning FinTech Alyansi tashkil etildi
Joriy yilning 9-oktabr kuni Istanbulda Turkiya raisligida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston FinTech Assosiatsiyalarini birlashtirgan Turkiy davlatlarning FinTech Alyansi tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, Alyans moliyaviy texnologiyalarning asosiy sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Ya’n, transchegaraviy fintech tranzaksiyalarini osonlashtirish va mintaqadagi kompaniyalar uchun toʻsiqlarni kamaytirish uchun yagona tartibga solish muhitini yaratish boʻyicha birgalikda ishlash imkonini beradi.
«Ushbu strategik hamkorlik mintaqada fintech ekotizimlarining oʻsishini tezlashtirish, ishtirokchi mamlakatlarni raqamli moliya sohasida yetakchi qilishga qaratilgan», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, Alyansda ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida innovatsiyalarni ragʻbatlantirish uchun blokcheyn, sun’iy intellekt (SI) va raqamli toʻlov yechimlari kabi fintechʼdagi soʻnggi yutuqlarni almashish koʻzda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston FinTech assotsiatsiyasi va Loialte kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislar tayyorlashi haqida xabar bergan edi.