Yangiliklar

Akmal Saidov: O‘zbekiston fuqarolari chet el harbiy missiyalarida ishtirok etmaydi

YeOIIda esa kuzatuvchi maqomi eng maqbul variant
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat sifatida qoladi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi ochilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ma’lum qildi.

O‘zbekistonga suverenitetdan voz kechish hisobiga boshqa davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilishga rozi bo‘ladimi, degan savolga Saidov rad javobini berdi.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasining birinchi moddasida O‘zbekiston suveren davlat ekanligi aytilgan. Agar qandaydir harbiylashgan mudofaa tuzilmalari va tashkilotlarga qo‘shilish haqida gapiradigan bo’lsak, unda yo‘q, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz hech qachon o‘z yigitlarimizni chet elga harbiy topshiriqlarni bajarish uchun, jumladan tinchlikparvar missiyalar uchun ham yubormaymiz. Mamlakatimiz hududida hech qanday xorijiy harbiy bazalar bo‘lmaydi», — dedi vitse-spiker.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga integratsiya masalasiga kelsak, O‘zbekiston uchun YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomi eng maqbul variant ekanini Saidov alohida ta’kidladi.

«Men O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi rahbariman. Biz ushbu tashkilotning mingdan ortiq hujjatlarini diqqat bilan o‘rganib chiqdik va hozirgi kunda O‘zbekiston manfaatlari uchun YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini saqlash eng to‘g‘ri qaror ekaniga ishonch hosil qildik», – dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jizzaxda Qozog‘iston va O‘zbekiston harbiy o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tganini xabar qilgandi.