«Humo» xokkey klubi «Gornyak» ustidan g‘alaba qozondi
Toshkentning «Humo» xokkey klubi Qozog‘istonning «Gornyak» klubi ustidan g‘alaba qozondi. Bu haqda poytaxt jamoasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkentda o‘tkazilgan Pro Hokei Ligasy doirasidagi o‘yin 4:3 hisobida yakunlandi. Birinchi bo‘limda Pavel Sinyavskiy raqib darvozasiga ikki marotaba, Dmitriy Grents uchinchi shaybani urdi, g‘alaba golini esa Yegor Buyalskiy kiritdi.
Qayd etilishicha, navbatdagi uchrashuv 17-oktabr, payshanba kuni poytaxtda bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Pro Hokei Ligasy — 1992-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Qozog‘iston xokkey chempionati. 2023-yilda Humo ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan edi.
Joriy mavsumda Humo 11 jamoa orasida 11 ochko bilan oltinchi o‘rindan joy olgan.
Pro Hokei Ligasyda birinchi o‘rinni «Saryarka» egallab turibdi, keyingi o‘rinlardan «Torpedo» va «Nomad» joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘zbekistonlik xokkeychilar ilk bor jahon chempionatida ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.