Yangiliklar

Kelgusi yilda ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘ 20 foizga ko‘paytiriladi

78 ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplash tizimiga o‘tadi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur yilning o‘tgan 9 oyida iqtisodiyot 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakuniga qadar kamida 6 foiz o‘sish kutilmoqda.

2024-yilda oltin-valyuta zaxirasi ilk bor $40 mlrddan oshdi. Aholining milliy valyutadagi depozitlari esa 50 % o‘sdi.

Tashqi investorlar xalqaro bozorlarda $4 mlrd qiymatdagi yevrobond joylashtirildi. Natijada ushbu yilda investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan ortdi. Eksport esa qariyb 19 foizi o‘sishi ehtimolda turibdi.

Yig‘ilishda sanoat va eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, har bir tarmoq kesimida qo‘shilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish yuzasidan uch yillik dastur ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Prezident bu tadbirkorlar faoliyatini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yashirin iqtisodiyotni «soya»dan chiqarish kerakligini ta’kidladi.

2025-yilda 78 ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplash tizimiga o‘tkaziladi. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50 foizi ularning o‘zida qoldiriladi. Ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘lar 20 foizga ko‘paytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxoroga turistlar oqimini 8 millionga yetkazilishi haqida so‘zlagan edi.