Markaziy bank oltin xaridlarini 11,7 foizga oshirdi
Markaziy bankning mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallar xaridi o‘tgan chorakka nisbatan 11,7 foizga o‘sdi. Bu haqda regulyator xizmati xabar berdi.
Joriy yilning III choragida Markaziy bankning mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallar xaridi 29,5 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar II chorakda 26,4 trln so‘mni tashkil qilgan edi.
2024-yilning III choragida tashqi iqtisodiy sharoitlar, geosiyosiy ziddiyatlar va yetakchi markaziy banklar tomonidan foiz stavkalarini pasaytirish fazasi boshlanishi fonida oltinga bo‘lgan yuqori talab saqlanib qoldi.
Ushbu sharoitda oltin narxida sezilarli tebranishlar kuzatilib, 1 troy unsiya uchun o‘rtacha $2,4 – $2,6 ming oralig‘ida shakllanib bordi.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin zaxiralari o‘sishi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi o‘ntaligiga kirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $36,6 milliardga yetgani haqida xabar bergan edi.