Yangiliklar

Sun’iy intellekt asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini $1,5 milliardga yetkazish rejalashtirilmoqda

Kelasi yil 1-sentabrgacha loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun «katta ma’lumotlar» bazasi yaratiladi
Foto: enjoys/Depositphotos

«Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ushbu strategiyada SI asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini $1,5 milliardga yetkazish belgilangan. Bundan tashqari, YAIDXP (my.gov.uz) da SI asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish ham belgilab qo‘yilgan.

Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekistonni birinchi 50 ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishishi ham ko‘zda tutilgan.

Kelasi yil 1-sentabrgacha loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun «katta ma’lumotlar» bazasi yaratiladi.

2026-yil 1-maygacha SI texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlari ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan sun’iy intellekt uz zonasida domen nomini tanlashda yordam berishi haqida xabar bergan edi.