200 dan ortiq iste’molchi lizing kompaniyalari ustidan shikoyat qilgan
Joriy yilning yanvaridan sentabriga qadar 200 dan ortiq kishilar Raqobat qo‘mitasiga lizing kompaniyalari haqida shikoyat bilan murojaat qilgan. Bu haqda qo‘mita rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, iste’molchilar kompaniyalarga birinchi to‘lov uchun pul o‘tkazgan, ammo va’da qilingan muddatda avtomobillarni olmagan. Lizing kompaniyalari esa kechikish sabablarini turli tashqi omillar bilan izohlagan, mijozning sabri tugagach esa pulni qaytarishdan bosh tortgan.
Ushbu murojaatlarning 80 foizi Umid Avto Lizing hamda Business OrientAuto kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur murojaatlar doirasida tekshiruv ishlari amalga oshirilgan hamda murojaatchilarga bir mlrd so‘mlik mablag‘ qaytarilgan.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, avvalroq shunga o‘xshash 11 ta kompaniya rahbarlariga firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways ikki turdagi yangi Airbus samolyotlarini lizing asosida olishi haqida xabar bergan edi.