Yangiliklar

Besh grammlik oltin narxlari ilk bora 5,7 mln so‘mgan oshdi

Oltin quymasining narxi bir oy ichida 316 ming so‘mga oshgan
Foto: AntonMatyukha / depositphotos

Joriy yil 18-oktabr holatiga ko‘ra, besh grammlik oltin quymalarining narxi 5,74 mln so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati ma’lum qildi.

Oltin quymalarining narxi bir oy avval 5,4 mln so‘mni tashkil qilib, bir oy ichida 316 ming so‘mga yoki 5,8 foizga oshgan.

Bundan tashqari, besh grammlik oltin quymalarining narxi 17-oktabr holatiga ko‘ra, 5,67 mln so‘mni tashkil qilib, bir kun ichida 68 ming so‘mga yoki 1,1 foizga oshgan.

«Chikago tovar birjasida (CME) Toshkent vaqti bilan 19:38’da 0,7 foizga o‘sib, unsiya uchun $2710,3 ga yetdi. Bu yangi tarixiy rekord bo‘lib, oldingi eng yuqori ko‘rsatkich 26-sentabrda unsiya uchun $2708,7 bo‘lgan», – deya xabar beradi RBK.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda oltinning narxidagi ushbu ko‘rsatkichlar AQShdagi prezidentlik saylovlari natijasining noaniqligi tufayli yuzaga kelmoqda.

«AQShning yangi boshqaruvi tasdiqlanmaguncha noaniqlik va ma’lum bir muddat narxlardagi o‘zgaruvchanlik holati oshishini kutyapmiz», – deya ta’kdladi UBS Group mutaxassislari.

Reuters xabariga ko‘ra, oltin narxi AQSh obligatsiyalarining past rentabelligi va jahon markaziy banklarining foiz stavkalarini pasaytirishi kutilayotgani sababli oshmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 4-oktabr holatiga ko‘ra, oltin quymalari narxi pasayishni boshlagani haqida xabar bergan edi.