Yangiliklar

Dunyo bo‘yicha sharob ishlab chiqarish kamaymoqda

Foto: grafvision / depositphotos

2024-yilda sharob ishlab chiqarish, so‘nggi 60 yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etishi mumkin. Ushbu prognoz Xalqaro uzumchilik va vino tashkiloti (OIV) tomonidan Dijon shahrida o‘tkazilgan kongressida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Wein.plus.

Italiya, Ispaniya, Fransiya, AQSh va Janubiy yarimshar mamlakatlari tomonidan berilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hosil 250 million gektolitrga ham yetmasligi mumkin.

2023-yilda ishlab chiqarish 237 million gektolitrni tashkil etgan bo‘lib, bu 1961-yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Buning sababi qurg‘oqchilik, issiqlik to‘lqinlari, sovuq va toshqin kabi ekstremal ob-havo hodisalaridir.

So‘nggi 30 yil davomida sharob ishlab chiqarish hajmi 250 million gektolitrdan 300 million gektolitrgacha o‘zgarib turdi. OIV bosh direktori Jon Barkerning aytishicha, iqlim o‘zgarishi so‘nggi yillardagi kam hosillikning asosiy sabablaridan biridir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning birinchi yarmida spirtli ichimliklar, xususan, pivo, aroq va uzum vinosi ishlab chiqarish hajmida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgani haqida xabar bergan edi.