Oʻzbekiston avtomobil bozorini qanday kelajak kutmoqda
KPMG konsalting kompaniyasi 2029-yilgacha Oʻzbekiston avtomobil bozorini qanday kelajak kutayotgani haqida hisobot tayyorladi. Kompaniya mutaxassislari uchta – maqsadli, dinamik va konservativ ssenariyni prognoz qilmoqda. Kursiv Uzbekistan ushbu hisobotning eng qiziqarli joylarini bir joyga jamladi.
Agar maqsadli (target) ssenariy amalga oshirilsa, 2029-yilga borib ming kishiga toʻgʻri keladigan avtomobillar soni 240 tani tashkil etadi.
KPMG prognozlariga koʻra, birlamchi avtomobil bozori 2024-yildagi $10,8 milliarddan 2029-yilda $22,8 milliardgacha oʻsishi mumkin. Ikkilamchi bozorning hajmi esa $8,9 milliarddan $22,4 milliardgacha oshadi.
Dinamik ssenariyga koʻra, ming kishiga toʻgʻri keladigan avtomobilga egalik darajasi 214 tani tashkil etadi. Mamlakatda Z va Alpha avlodlarining nisbati ortishi bilan avtomobilga ijtimoiy mavqe belgisi sifatida munosabat oʻzgaradi.
KPMG ta’kidlaganidek, ushbu rivojlanish bilan «yashil» zonalarning joriy etilishini hisobga olgan holda, ekologik kun tartibi yanada dolzarb boʻladi.
Yangi avtomobil bozori 2024-yildagi $5,1 milliarddan 2029-yilda $15,7 milliardgacha, ikkilamchi avtomobil bozori mos ravishda $8,9 milliarddan $19,9 milliardgacha oshadi.
Konservativ ssenariyda avtomobil egaligining oʻsishi sekinlashadi va har ming oʻzbekistonlik uchun 160 ta avtomobilga yetadi. Vaziyatga avtomobil almashish, haydovchisiz avtomobillar va taksi xizmatlari ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston avtomobil bozori 2028-yilgacha yetuklikka erishadi, bu esa avtomobil egalari sonining chegaraviy oʻsishining sekinlashishiga olib keladi.
Voqealarning bunday rivojlanishi bilan 2024-yilda birlamchi avtomobil bozori $5,1 milliardga, 2029-yilda esa $7,7 milliardga yetadi. Bu yil foydalanilgan avtomobillar bozori $8,9 milliardga, 2029-yilda esa 13 milliardga baholanmoqda.
2023-yilda oʻzbekistonliklar shaxsiy foydalanish uchun eng koʻp Chevrolet Cobalt, Gentra, Nexia avtomobillarini xarid qilgan. Shu kabi avtomobil modellari tijorat faoliyati bilan shugʻullanadiganlar orasida mashhur.
2023-yilda eng ko‘p avtomobillar Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, har 1000 aholiga 197 ta avtomobil to‘g‘ri keldi. Toshkent viloyati 136 dona ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Buxoro viloyati 1000 kishiga 118 ta avtomobil bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Taqqoslash uchun, Rossiyada har 1000 kishiga to’g’ri keladigan avtomobillar soni 327 dona, Belarusda – 330, Qozog‘istonda – 220 va Turkiyada – 175 dona.
Shuningdek, 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillarning umumiy soni 4 million donaga yetdi, shundan 3,8 millioni yengil avtomobillar hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Chevrolet Cobaltʼning yangilangan koʻrinishini taqdim etgani haqida xabar berdi.