Qozog‘istonning Kaspi kompaniyasi Turkiyaning Hepsiburada marketpleysini sotib oladi
Kaspi.kz Hepsiburada aksiyalarining taxminan 65 foizini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Hepsiburada NASDAQ ro‘yxatiga kiritilgan eng yirik turk bozorlaridan biridir. Tranzaksiya summasi taxminan $1,13 mlrdni tashkil qiladi.
«Turkiyadagi yetakchi elektron tijorat kompaniyalaridan biri Hepsiburada bilan kuchlarni birlashtirganimizdan juda xursandmiz. Maqsadli bozorimizni 100 mln kishigacha kengaytirish Kaspi.kz uchun muhim strategik ustuvor vazifadir», – deya izoh berdi Kaspi.kz rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadze.
U Hepsiburada madaniyati koʻp jihatdan Kaspi.kz’nikiga oʻxshashligini ta’kidladi: «Bu innovatsiyalarga sodiqlik, iste’molchilar va hamkorlarga yuqori sifatli xizmatlar koʻrsatish va uzoq muddatli barqaror oʻsishga e’tibor qaratishdir. Kaspi.kz kompaniyasi ham elektron tijoratda milliy yetakchi hisoblanadi va istiqbolli asoschi tomonidan yaratilgan».
Hepsiburada 2000-yilda Hanzade Dogan tomonidan asos solingan va Turkiyadagi yetakchi elektron tijorat platformalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mijozlarga xizmat ko‘rsatish, texnologiya, logistika va turli toifadagi mahsulotlarning keng assortimentiga e’tibor qaratgan holda o‘sdi.
2021-yilda Hepsiburada o‘z aksiyalarini NASDAQ ro‘yxatiga kiritgan Turkiyadagi birinchi va yagona kompaniya bo‘ldi. 2023-yilda 12 mlnga yaqin mijoz va 101 ming hamkor doʻkon Hepsiburada xizmatlaridan foydalangan. Kompaniya platformasi orqali sotilgan tovarlarning umumiy qiymati 2023-yilda taxminan $4 mlrdni tashkil etdi.
«Bugun men 24 yil oldin asos solgan Hepsiburada jamoasi uchun muhim bosqichdir», dedi Hepsiburada asoschisi va direktorlar kengashi raisi Hanzade Dogan. – Turkiyada raqamlashtirish va elektron tijorat sohasida kashshof sifatida Hepsiburada bozor kapitallashuvi bo‘yicha Qozog‘istondagi eng yirik kompaniya Kaspi.kz bilan hayajonli sayohatga chiqmoqda. Men Hepsiburada’ning yutuqlaridan juda faxrlanaman».
Tranzaksiya qiymati taxminan $1,127 mlnni tashkil etadi. Bu bitim Turkiyadan zarur tartibga soluvchi ruxsatnomalar olgach va zarur huquqiy tartib-qoidalar bajarilgandan keyin 2025-yilning birinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda. Bitim tugagach, ikkala kompaniya ham o‘zlarining tegishli brendlari va operatsion tuzilmalarini saqlab qoladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kaspi kompaniyasi Humo toʻlov tizimini qoʻlga kiritmoqchi ekanligi haqida yozgan edik.