Yangiliklar

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirini faxriy unvon bilan taqdirladi

Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

«Koʻp yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligi va uning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, moliya tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish, muhim dasturlar va investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari uchun berildi», – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Jamshid Qoʻchqorov 1964-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. 1985-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) va 1996-yilda AQShning Kolorado universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini esa 1985-yilda Kattaqoʻrgʻon shahar temir yoʻl texnikasining katta hisobchisi sifatida boshlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev bir qator oʻqituvchi va professorlarni taqdirlagani haqida xabar bergan edi.