O‘zbekiston bilan viza rejimini joriy qilish lozimligini aytgan rossiyalik deputat Sergey Mironovga bir qancha siyosat va jamoat faollari javob qaytardilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o’rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov telegram sahifasida quyidagicha izoh qoldirgan:
«O‘zbeklardek barakali xalq haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham Vatanni himoya qilishni o‘zbeklardagidek muqaddas burch hisoblaydilar?»
Shuningdek, Ekologiya vaziri maslahatchisi va jamoat faoli Rasul Kusherbayev ham telegram sahifasida bunga o‘z fikrini bildirgan.
«Rossiya Dumasining «Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» fraksiyasi rahbari, deputat Sergey Mironov Oʻzbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya armiyasi safiga qoʻshilmaslikka chaqirib, buning uchun javobgarlik borligini eslatgani uchun Oʻzbekistonga viza rejimi joriy qilishni taklif etmoqda. Mironov Oʻzbekistonni kamsitgan holda «sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi», deb X ijtimoiy tarmogʻida yozib qoldirdi.
Shu oʻrinda janob Mironovga savol: agar Oʻzbekiston oʻz hududida ishlayotgan rus fuqarolarini Oʻzbekiston manfaati uchun qayergadir urushga joʻnatganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi? Keyin Oʻzbekistonda ham qarshi tomonga nisbatan xuddi shunday viza rejimi joriy etish imkoniyati borligini unutmaslik kerak»
Kusherbayev Sergey Mironovni Zaxarovadan keyingi Oʻzbekiston uchun nomaqbul shaxslar roʻyxatidan joy olishi lozim bo‘lgan shaxs deb hisobladi.
Oliy Majlis deputati, «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov Mironovga shunday javob berdi:
«Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli.
Ikkinchidan, vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir«
Shuningdek, u ikki davlat o‘rtasidagi «Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi shartnomaning 7-moddasini eslatib o‘tgan. Moddada bir tomonning fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini boshqa tomon hududida kafolatlash uchun chora ko‘rilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarova ham O‘zbekistonning ichki ishiga aralashgani haqida yozgan edik.