Yangiliklar

Wildberries va O‘zbekiston: eksport va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash memorandumi imzolandi

Tadbirkorlar uchun seminar va treninglar tashkil qilinadi
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy kanali

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) hamda MDHning eng yirik onlayn savdo platformalaridan biri – Wildberries o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning onlayn biznes sohasidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Memorandum doirasida Wildberries platformasi orqali mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish va o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun seminar va treninglar tashkil qilish hamda elektron savdoni rivojlantirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga doir bir qator tadbirlar rejalashtirilgan.

«Wildberries&Russ (RVB MChJ) bozorning ikki yetakchisi – Wildberries IT-kompaniyasi va Russ tashqi reklama operatorining birlashishi natijasida zamonaviy raqamli savdo platformasini birgalikda yaratish hamda kichik va o’rta biznesni rivojlantirish vositalarini taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Ayni paytda kompaniya Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda, shuningdek, Xitoyda faoliyat yuritadi – ushbu mamlakatdan tovarlar import qilinadi», – deya xabar beradi ISSV.

Eslatib o‘tamiz, Wildberries kompaniyasi Kursiv Uzbekistan tomonidan o‘tkazilayotgan marketpleys poygasida ishtirok etmoqda. Barcha platformalarda bir vaqtning o‘zida, 2 oktabr kuni termal sumkaga buyurtma berildi. Eng tez marketpleys Amerikaning Amazoni bo‘lib, u bir hafta o‘tib buyurtmani yetkazib berdi. AliExpress tomonidan buyurtma qilingan termal sumka o‘n kundan keyin O‘zbekistonga yetkazildi. Ozon poygasidan chiqib ketdi, Wildberries’dan qilingan buyurtma hali ham yo‘lda.