2025-yil 17-yanvardan boshlab tijorat banklarida mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular bilan ishlash tartibini takomillashtirish borasida yangi talablar joriy qilinadi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvining iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishga oid qaroriga o‘zgartirish kiritildi.
Hujjatda banklar murojaatlar bilan ishlashda o‘z ichki tartibiga ega bo‘ladi hamda buni bankning rasmiy veb-saytida joylashtirish talab etiladi.
Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali murojaatlarni ro‘yxatga olish, qabul qilish, tahlil qilish va tizimlashtirish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini joriy etish ham belgilangan.
Bundan tashqari, hujjatda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish asosida bank ichida aks ettirilgan salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlar uchun telefon raqamlari sonini ko‘paytirgani haqida xabar bergan edi.