O‘zbekistonda yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
O‘zbekistonda texnikumlarning yagona tarmog‘i tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi prezident farmoniga tayanib xabar berdi.
Farmonga muvofiq, kasbiy ta’lim tashkilotlarini optimallashtirish va kadrlarni tayyorlash maqsadida texnikumlarning yagona tarmog‘i yaratish ko‘zda tutilgan. Texnikumlarda kadrlar xalqaro standartlar va milliy malaka tizimiga asoslangan holda tayyorlanadi.
Texnikumlarda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, qisqa muddatli o‘quv kurslari ham tashkil etiladi. Boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar davlat granti asosida 9-sinf bitiruvchilari uchun amalga oshiriladi. O‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari esa davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, o‘rta maxsus kasbiy ta’limni tamomlagan bitiruvchilarga oliy ta’limning bakalavriat bosqichida o‘qishni davom ettirish imkoniyati taqdim etiladi. Bitiruvchilarning yig‘gan kreditlari va o‘zlashtirgan modullariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari ularni tegishli bosqichga qabul qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kelgusi yilda ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘ 20 foizga ko‘paytirilishi haqida yozgan edi.