O‘zbekistonda sakkizta chiqindi yoqish zavodi quriladi – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekistonda qariyb $1,3 mlrd investitsiya evaziga sakkizta chiqindi yoqish zavodi qurish va chiqindidan olinadigan gazni qayta ishlash rejalashtirilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda har yili 14 mln tonna chiqindi hosil bo‘lib, ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlari orqali 7 million tonnadan ortiq issiqxona gazlari havoga tarqaladi, shuningdek, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga o‘tadi.
Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasining $350 millionlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi asosida Andijon va Toshkent viloyatlarida ikkita zavod qurish loyihalari amalga oshiriladi. Ushbu zavodlar kuniga 4 ming tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 630 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Loyihalar amalga oshirilgach har yili 4,7 mln tonnadan ortiq chiqindi yoqiladi, bu $97 millionlik 2,1 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, 152 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va issiqxona gazlari chiqindilari 2,4 mln tonnaga kamayadi.
«Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligiyu energetika barqarorligiyam shu sohaga bog‘liq. Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi», – deya ta’kidladi davlat rahbari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgan edi.