2024-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonga $23,6 milliard xorijiy sarmoya kirib keldi
Shavkat Mirziyoyev mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda turli tarmoqlarda $140 mlrd.lik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilayotgani aytildi. Investitsion loyihalar uchun xorijdan har yili $15 mlrd.lik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari keltirilmoqda.
Energetika tarmog‘ini 2030-yilgacha $36 mlrd.lik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha ham $1,2 mlrd.lik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar o‘zaro manfaatli bog‘langan.
Shu bilan birga, transport bo‘yicha $10 mlrd, ijtimoiy sohalarda $6 mlrd, kommunal tarmoqda $5 mlrd, jami davlat-xususiy sheriklik tamoyilidagi $30 mlrd investitsiya loyihasi tasdiqlandi.
2024-yilning to‘qqiz oyida $23,6 mlrd xorijiy sarmoya kirib kelgan. $4,6 mlrd.lik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
Shuningdek, 2017 – 2024-yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati $100 mlrd.dan oshishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston – Qozog‘iston biznes forumida $352 millionlik shartnomalar imzolangani haqida yozgan edik.