IT-Park Women in Tech (WIT) xalqaro notijorat tashkiloti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Texnoklaster matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, WIT asoschisi Ayumi Mur Aoki bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar ayollar tadbirkorligi, startaplarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy mutaxassislarni eksport va xorijiy kompaniyalarda ish bilan ta’minlashda yordam berishga kelishib oldilar.
Hujjat ayollarga mo‘ljallangan kasbiy malaka oshirish dasturlarida IT-park va WIT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.
Tashkilot jahon kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qiladi va mahalliy dasturchilarga WIT-hub mentorlik va tarmoq platformasidan foydalanish imkoniyatini beradi. Ilova xalqaro boʻsh ish oʻrinlari va tajriba almashish uchun ma’lumotlar bazasiga kirish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Women in Tech 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 60 mamlakatda 300 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtiradi va jahon IT-sanoatida ayollarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq IT Parkda $10 millionlik venchur fondi ochilishi haqida yozgan edik.