O‘zbekiston – Qozog‘iston biznes forumida $352 millionlik shartnomalar imzolandi

eʼlon qilindi
Shuningdek, tadbirkorlarimizga Mang‘istau viloyatida issiqxonalar tashkil etishda yordam beriladi
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati

Samarqandda boʻlib oʻtgan biznes forumda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida $352 mln.lik shartnomalar imzolandi. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tadbirda 200 dan ortiq biznes vakillari ishtirok etdi. Tomonlar, shuningdek, iqtisodiyot, fan va madaniyat sohalarida mintaqalararo hamkorlikka oid bitimlarni imzoladilar.

Forumda $3,4 mlrd.lik sarmoya hisobidan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oktabr holatiga ko‘ra, 74 ta loyihadan 12 tasiga tashabbus ko‘rsatildi. Ulardan to‘qqiztasi qo‘shni davlat hududida, uchtasi O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Jumladan, Qoʻstanayda Chevrolet Onix avtomobillari, Saranda maishiy texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Qozog‘iston hukumati

Forumda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov respublikada Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi mingga yaqin korxonalar faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

Tadbir davomida Mangistau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasida erkin savdo zonasi tashkil etish taklifini bildirdi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasini toʻrt barobarga oshirishi kutilmoqda.

Viloyat hokimliklari ham o‘zbekistonlik tadbirkorlarga Mang‘istau viloyatida issiqxonalar tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

«Biz investitsiya qilingan xarajatlarning bir qismini, suv, o‘g‘it xarajatlarini subsidiyalashga, zarur infratuzilmani ta’minlashga, past foiz stavkalari bo‘yicha imtiyozli kreditlar va munosib yer uchastkalari berishga tayyormiz», – deya o‘z tashabbusi bilan o‘rtoqlashdi Qilibay.

Foto: Qozog‘iston hukumati

Ma’lumot uchun, shu yilning yanvar – sentabr oylari davomida Qozog‘iston O‘zbekistonning uchta asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib keldi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $3 mlrd qiymatda baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston qaysi davlatlar bilan savdo aloqalarini amalga oshirayotgani haqida yozgan edik.

Shuningdek