2024-yilning yanvar – sentabr oylari davomida 460 ta geologik obyekt auksionga qo‘yilib, ulardan 184 tasi 226 milliard so‘mga sotildi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro kon-metallurgiya forumi doirasida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov xabar berdi.
Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tog‘li hududlarining atigi 35-40 foizi to‘liq o‘rganilgan. Bu esa, hali to‘liq tadqiq qilinmagan mineral zaxiralari mavjudligini va ulkan salohiyatni ko‘rsatadi.
«Biz foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish bo‘yicha barcha biznes vakillari bilan hamkorlik va kooperatsiyaga tayyormiz», – deya ta’kidladi Ural Yusupov.
Yusupov sohani yanada rivojlantirish uchun muhim qadamlarni sanab o‘tdi. Unga ko‘ra, investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarni taqdim etish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan. Endi litsenziyalar onlayn auksionlar orqali beriladi, bu esa jarayonning shaffofligini oshirib, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ural Yusupovning tahminan ikki hafta oldin Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini yozgan edi.