Joriy yilda Oʻzbekistonda misni qayta ishlash hajmini 2018-yilga nisbatan besh baravarga koʻpaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda respublika Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Ural Yusupov Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Xalqaro kon-metallurgiya forumi doirasida ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, 2018-yilda bu hajm 22 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 86 ming tonnaga yetdi. 2024-yilda esa 110 ming tonna misni qayta ishlash rejalashtirilmoqda, bu esa 2018-yilga nisbatan qariyb besh baravar koʻp.
«Yuqorida sanab oʻtilgan maqsadlarga erishish uchun zamonaviy konchilik texnikasi, texnologiyalarni joriy qilish va metallurgiya bozorini sezilarli darajada kengaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, ishlab chiqarish va boshqaruvda ESG (Atrof-muhit, ijtimoiy mas’uliyat va boshqaruv) standartlarini joriy qilish, xususan, suv va energiya resurslarini tejash, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali muhandislik kompaniyalari bilan hamkorlikka tayyormiz», – deb aytdi Yusupov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning yanvar – sentabr oylari davomida 460 ta geologik obyekt auksionga qoʻyilib, ulardan 184 tasi 226 milliard soʻmga sotilgani haqida yozgan edi.