Yangiliklar

Toshkentda rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya vafot etdi

Marhumlarning o‘limi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan
Foto: Inessa Papernayaning shaxsiy arxividan

Toshkentdagi mehmonxonalardan birida vafot etgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernayaning o‘limi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuraturaning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, 20-oktabr kuni Papernaya va Maksim Radchenko Mirobod tumanida joylashgan mehmonxonalardan birida o‘lik holda topilgan.

Xuddi shu mehmonxonadagi qo‘shni xonada O‘zbekiston fuqarosi Xushnud Udekovning ham jasadi topilgan.

«Dastlabki sud tibbiy tashxisga ko‘ra, marhumlarning oʻlimi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi koʻrsatilgan», – deya izoh berdi Bosh prokuratura.

Baza Telegram kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa poytaxtdagi «Karaman Palas» mehmonxonasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea sodir bo‘lishidan oldin mehmonxonadagi basseyn tozalangan va tozalash davomida chiqqan badbo‘y gaz xonaga ventilyatsion tizim orqali kirgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Inessa Papernaya Rossiyaning «Lenta.ru» va «Profil» kabi nashrlarda ishlagan. So‘nggi yillarda esa «Norilskiy Nikel» KMK OAJda faoliyat yuritib kelgan.

Holatni o‘rganish uchun Kursiv Uzbekistan muxbiri voqea sodir bo‘lgan joyga bordi. 22-oktabr kunidan boshlab mehmonxona texnik xizmat ko‘rsatish uchun yopiqligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston IIV Salimboy o‘limini rad etgani haqida yozgan edi.