Yangiliklar

Paralimpiya chempioni Аsila Mirzayorova nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili bo‘ldi

Shahnoza Mirziyoyeva tashabbusi bilan
Foto: President.uz

Paralimpiya chempioni Аsila Mirzayorova Ijtimoiy himoya milliy agentligida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshladi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 22-oktabr kuni Agentlikda bo‘lib o‘tgan tadbirda para yengil atletika bo‘yicha paralimpiya chempioni Аsila Mirzayorova nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili sifatida tanishtirildi.

«Аgentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qo‘shildi. Biz Аsila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi: Аsila Mirzayorova agentlik Maxsus vakili bo‘ldi. Аgentlik oilasiga xush kelibsiz Аsila! Аsila juda kuchli va aqlli qiz. Аsila Nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Аsila kabi chempion qizlarimiz bor. Men ishonaman: biz yanada kuchli bo‘ldik va yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etamiz!» – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan Asila Mirzayorova bildirilgan ishonch uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

«Men uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va mas’uliyat. Bu vazifa menga nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy to‘siqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi kerak, deb ishonaman», – deya ta’kidladi Paralimpiyada chempioni.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissari etib tayinlangan edi.