Endilikda yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorliklarda tekshiruvlar oʻtkazilmaydi
Soliq kodeksiga tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tushunchasi kiritilmoqda. Bu haqda Senatning 59-yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Unga koʻra, yuqori reytingga ega subyektlarga nisbatan ortiqcha toʻlangan soliqlar (qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno) uch kun ichida qaytariladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi boʻyicha «AAA» toifadagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan esa soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (bunda jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar mustasno).
Mazkur toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash kameral soliq tekshiruvidan oʻtkazilmasdan bir kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkorlikda ortiqcha hujjatbozlikka yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar jazolanishi haqida xabar bergan edi.