Yangiliklar

Global iqtisodiyotda noaniqlik: XVJ yangi prognozlarni e’lon qildi

O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozi o‘zgarishsiz qoldirildi
Foto: pressmaster / depostiphotos.com

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) kelgusi yil uchun global o‘sish prognozini pasaytirdi va harbiy mojarolar, shuningdek, savdo urushlari xavfining oshishi haqida ogohlantirdi.

Xususan, jahon YAIM 3,2 foizga o‘sishi kutilmoqda, ushbu holat esa iyul oyida prognoz qilinganidan 0,1 foiz punktga pastroq. Bu yilgi prognoz esa, 3,2 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgan. Kelgusi yilda inflyatsiya 2024-yildagi 5,8 foizdan 4,3 foizgacha kamayishi mumkin.

Yevrozonaga bo‘lgan prognoz 1,2 foizgacha pasaytirildi, bu esa joriy yil iyul oyiga nisbatan 0,3 foizga past. Xitoyga bo‘lgan prognoz esa, 5 foizdan 4,8 foizgacha pasaytirildi, AQShda iste’mol o‘sishi tufayli 2,2 foizdan 2,8 foizgacha oshirildi.

«Jahon iqtisodiyotida noaniqlik o‘sib bormoqda, mintaqaviy mojarolarning kuchayishi ehtimoli bilan bog‘liq geosiyosiy xavf mavjud. Shuningdek, savdoni himoya qilish va savdoda uzilishlar ham global faollikka ta’sir qilishi mumkin», – dedi XVJning bosh iqtisodchisi Per-Olivye Gurinshe.

Ushbu omillar 2026-yilga kelib global iqtisodiy ishlab chiqarish darajasini taxminan 0,5 foizga kamaytirishi mumkin.  

XVJ O’zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini joriy yilda 5,6 foiz darajasida, kelgusi yilda esa, 5,7 foiz darajasida o‘zgartirmasdan qoldirdi.  

Shuningdek, XVJ Qozog‘iston iqtisodiyotining o‘sish prognozini ham o‘zgartirmasdan, bu yil 3,5 foiz darajasida, 2025-yilda esa 4,6 foiz darajasida qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilda Oʻzbekiston YaIM $200 milliardga yetishi prognoz qilingani haqida xabar bergan edi.