2026-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish rejalashtirilmoqda
OʻzR prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmon loyihasiga koʻra, aholini ro‘yxatga olish ishlari 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustga qadar amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Hujjat qabul qilingach respublika va viloyat miqyosida aholini ro‘yxatga olish komissiyalari tuziladi. Ushbu komissiyalar ro‘yxatga olish ishlari uchun moddiy-texnik ta’minotni va tashkiliy ishlarni ta’minlaydi. Jahon bankining imtiyozli krediti hisobidan planshet va boshqa texnika vositalari sotib olinadi. Qolgan mablagʻlar Davlat budjeti hisobidan ajratiladi.
Farmonga muvofiq, mahalliy va hududiy hokimiyat organlari tomonidan 2025-yil 1-iyulga qadar ko‘chalarga nom belgilarini oʻrnatish, xonadon va uylarni toʻliq raqamlashtirish rejalashtirilgan. Aholini ro‘yxatga olish arafasida hududlar chegaralari va topografik nomlardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar yangilanadi.
2025-yil 1-sentabridan 2026-yil 1-sentabriga qadar respublika hududida ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralari va nomlarini oʻzgartirish taqiqlanadi.
Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor aholini hisobga olish ishlari 2020-yilda amalga oshirilishi kerak edi. Biroq pandemiya tufayli bu ishlar bir necha marta kechiktirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan rasmiylari va xizmatchilariga biznesdan ortiqcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanganini yozgan edi.