Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegara hududida erkin savdo zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda
Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegara zonasida «Xorgos» savdo-iqtisodiy zonasi modelidagi maxsus erkin savdo zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu mintaqalar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 4 baravarga oshirishi kutilmoqda. Tashabbusni Mangʻistau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay Samarqandda boʻlib oʻtgan O‘zbekiston – Qozog‘iston biznes forumida taklif qildi.
Ta’kidlanishicha, loyihani amalga oshirish uchun Mangʻistau viloyatining «Tajen» bojxona posti orqali Oʻzbekiston bilan bogʻlaydigan avtomobil yoʻli qurilishi hozirda davom etmoqda. Kelgusida Qoraqalpogʻistondan Qozogʻiston chegarasigacha boʻlgan yoʻl qurilishi yakunlanishi bilan yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshadi.
Bugungi kunda Mangʻistau viloyati ulgurji bozorlarida sotilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining salmoqli qismi Oʻzbekiston viloyatlarining hissasiga toʻgʻri keladi. Har kuni «Dovut ota – Tajen» bojxona postidan 250 – 300 ga yaqin yuk avtomobillari oʻtadi, shundan 25 – 30 tasi Mangʻistau viloyatiga joʻnatiladi. Yetkazib berish hajmi qariyb 11 ming tonna mahsulotni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi turoperatorlar uchun Mangʻistau viloyatining tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylariga sayyohlik marshrutlari ishlab chiqildi. Ekskursiyalarni boshlash 2025-yilga moʻljallangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston – Qozogʻiston biznes forumida $352 millionlik shartnomalar imzolangani haqida xabar bergan edi.