Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar – sentabr oylarida onlayn-auksion orqali sotilgan 1 gektar yerning o‘rtacha narxi 1,06 milliardni tashkil etdi, bu narx o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 595,1 mln so‘mga qimmatlashgan (2,3 barobar oshgan).
Bu davrda sotilgan yer uchastkalari soni sezilarli darajada oshdi. Toshkent shahrida 4,7 barobar, Qoraqalpog‘istonda 4,4 barobar, Andijon viloyatida 3,2 barobar, Xorazmda 2,8 barobar, Qashqadaryoda 2,7 barobar va Namanganda 2,5 barobar ko‘p yer maydonlari sotilgan.
Jami 24,6 mingta lot (69,3 foiz) ijaraga va 10,8 mingta lot (30,7 foiz) mulk huquqi asosida sotuvga qo‘yilgan. Biroq respublikaning 67 ta tumanida mulk huquqi asosida yer uchastkalari auksionga qo‘yilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sentabr oyida 9 foizga pasayish kuzatilgani haqida yozgan edi.