Toshkent Dubay kabi shaharlarga taqlid qilmasdan, tarixi va an’analariga e’tibor qaratishi lozim – ekspert

eʼlon qilindi
Bu haqda Kursiv Uzbekistan nashriga The Big Picture hammuassisi va boshqaruvchi hamkori ma’lum qildi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkentda bo‘lib o‘tgan ARCHICA 2024 beshinchi arxitektorlar kongressida mutaxassislar shaharlarning tez fursatda rivojlanishini barqarorlashtirish masalalarini muhokama qildi. Asosiy spikerlardan biri Jon Mark Klensi, muhandis va arxitektor, The Big Picture kompaniyasining asoschisi va boshqaruvchi hamkori hisoblanadi. U Kursiv Uzbekistan bilan modernizatsiyani Toshkentning madaniy-tarixiy merosini asrab-avaylash bilan qanday uyg‘unlashtirish mumkinligi haqidagi fikrlarini bo‘lishdi.

«Toshkentni qiyinchiliklar kutmoqda. Bir tomondan, poytaxt aholisi va iqtisodiy salohiyati ortib bormoqda. Shaharga yangi ofislar, turarjoy majmualari va infratuzilma kerak. Boshqa tomondan, modernizatsiya tarixiy arxitektura va yashil hududlar hisobiga tushmasligi kerak», – deydi ekspert.

Bundan atigi 15 yil avval shahardagi yashil maydonlarning ulushi 20 – 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 10 – 18 foizgacha pasaygan.

Klensi 1966-yilgi zilzila qadimiy binolar saqlanib qolgan Samarqand va Xiva kabi tarixiy shaharlardan farqli o‘laroq, Toshkent qiyofasini tubdan o‘zgartirganini ta’kidladi. Biroq u hatto 50 – 60 yil oldin qurilgan binolar ham alohida e’tibor va himoya talab qiladi, deb hisoblaydi.

Qurilish faoliyati global CO2 (karbonat angidrid) zaharli gazining qariyb 40% ni hosil qiladi va jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois ekspertning fikricha, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bilan birga zaharli gazlarni kamaytirish uchun mavjud binolarni ta’mirlash va mahalliy materiallardan foydalanish kabi barqaror amaliyotlarni amalga oshirish juda muhim.

Klansi shaharni aholi va korxonalar ehtiyojlarini qondirish uchun rivojlantirishda madaniy merosni hisobga oladi. Uning fikricha, Toshkent Dubay kabi shaharlarga taqlid qilmasligi, uning tarixi va an’analariga e’tibor qaratishi lozim.

«Yangi qurilishlar shaharning tashqi koʻrinishi va madaniy obidalari bilan uygʻun boʻlishi, Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyatlarini aks ettirishi lozim, Gʻarb yoki Yaqin Sharq arxitektura uslublarini taqlid qilish kerak emas», – deydi The Big Picture kompaniyasining boshqaruvchi hamkori.

Shuningdek