Rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya va uning hamrohi Maksim Radchenkoning o‘limi yuzasidan tergov jarayoni ekspertizasi bir oy davom etadi. Bu haqda Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov TASS agentligiga ma’lum qildi.
Papernaya, Radchenko va o‘zbekistonlik Xushnud Udekov 20-noyabr kuni Toshkentdagi mehmonxonalardan birida vafot etgan.
«Mehmonxonadagi jurnalist va hamrohining o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha ekspertiza natijalari taxminan bir oy ichida ma’lum bo‘ladi», — deya Shamsutdinovning so‘zlarini keltirdi agentlik.
Shuningdek, u Radchenko va Papernayaning jasadlari Rossiyaga yuborilganini ham qo‘shimcha qilgan.
Baza Telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Toshkentdagi «Karaman palas» mehmonxonasida sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Inessa Papernaya o‘lim sabablaridan biri zaharlanish bo‘lishi mumkinlgi haqida xabar bergan edi.