Oʻzbekiston va Gonkong oʻrtasida turistlar oqimini koʻpaytirish va aviatsiya orqali yuk tranzitini tashkil etish boʻyicha kelishuv amalga oshirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hujjat Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida ICAO ICAN 2024 tadbiri doirasida imzolandi. Bu kelishuv Oʻzbekiston hududi orqali Gonkongdan Yevropa va arab davlatlariga yuklarni tranzit qilish imkonini beradi. Shuningdek, aviaqatnovlar orqali mamlakatga gonkonglik sayyohlarni ko‘proq jalb qilishga ham ishonch bildirildi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Gonkong aviatsiya ma’muriyati mahalliy aeroportlar tirbandligi sababli Oʻzbekistonning havo qatnovini yoʻlga qoʻyish taklifini rad etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Uzbekistan Airways Xanchjouga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan edik.