S&P Global Ratings tahliliy kompaniyasi O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlartlari va Kavkaz mamlakatlarida raqamli moliyaviy xizmat ko‘rsatish tobora o‘sib borayotganini ma’lum qildi. Tadqiqot natijalari bo‘yicha hisobot Kursiv Uzbekistan nashrida mavjud.
Tahlilchilarning fikricha, raqamlashtirishning o‘sishiga ushbu hududlarda mobil va internet aloqa tarmoqlarining kengayishi hamda texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq. Iste’molchilarning onlayn xizmatlarga bo‘lgan talabi yuqorilab borgani natijasida banklar raqamli platformalarga ko‘proq sarmoya kiritishni boshladi.
Omonatlarni rasmiylashtirish va kreditlar berishda kam o‘zgarish kuzatildi. Onlayn to‘lovlar tizimida esa banklararo kuchli raqobat ketmoqda. S&P bu moliyaviy institutlarning fintech kompaniyalarini sotib olishiga olib kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shuningdek, tadqiqotda O‘zbekistondagi yirik banklar barqaror pozitsiyalarni egallab turgani ham qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, S&P Global Ratings moliyaviy bozorlarni tahliliy tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston FinTech Assotsiatsiyasi elektron tijorat boʻyicha bepul trening tashkil qilayotgani haqida yozgan edik.