Yangiliklar

Mehnat migrantlariga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi

Fuqarolarni ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalar xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi
Foto: ArturVerkhovetskiy / depositphotos

Vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamg‘armasi hisobidan 10 million so‘mgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, yangi tashkil etilgan Migratsiya agentligi 2026-yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarni xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazadi.

2026-yil 1-yanvargacha yangi agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.

Joriy yilning 1-noyabridan xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlar elektron platforma, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilib boradi.

Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8,5 ming baravaridan 4 ming baravarigacha tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi.