O‘zbekiston xalqaro uglerod bozorlariga chiqishga tayyorlanmoqda
Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida O‘zbekistonni xalqaro uglerod bozorlariga tayyorlash bo‘yicha ikki kunlik seminar tashkil etildi. Bu haqda vakolatxona matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, seminar «O‘zbekistonda energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash» (iCRAFT) loyihasi yordamida tashkil etiladi. U mamlakatga atmosferaga chiqindilarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xalqaro uglerod bozorlariga kirishni ta’minlashda ko‘maklashadi.
Loyiha davomida O‘zbekiston atmosferaga chiqindilarni 60 mln tonnaga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha doirasida 2,5 mln tonnaga yaqini xarid qilinadi, qolgan uglerod birliklarini esa O‘zbekiston iCRAFT loyihasi doirasida ishlab chiqilgan mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro bozorlarda sotishga imkoniyat paydo bo‘ladi.
Mazkur hujjatlar Parij bitimi doirasida faoliyat yuritayotgan xalqaro uglerod bozorlaridagi bitimlarda O‘zbekistonning ishtirokini tezlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratishi haqida yozgan edik.